“Navoiy Dori-Darmon” AJ GDP sertifikatini oldi.
Aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan taʼminlash uchun ular xalqaro darajada eʼtirof etilgan standartlar asosida ishlab chiqarilishi, saqlanishi, laboratoriya ekspertizasidan va klinik tekshiruvlardan o‘tishi kerak. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida farmatsevtika mahsulotlarining ushbu talablarga muvofiqligini taʼminlash maqsadida GxP konsepsiyasi joriy etilgan.
GxP o‘zi nima?
GxP – bu farmasevtika sanoatining turli yo`nalishlaridagi “zarur amaliyotlar”, shu jumladan Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP), Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP), Zarur laboratoriya amaliyoti (GLP), Zarur klinika amaliyoti (GCP), Zarur farmnazorat amaliyoti (GVP), Zarur farmasevtika (dorixona) amaliyoti (GPP) ni o`z ichiga olgan yaxlit standartlar tizimi.
“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi “Navoiy Dori-Darmon” aksiyadorlik jamiyati kuni kecha “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” sertifikatini oldi.
GDP tamoyillari zarur korporativ fikrlashni shakllantirishga yordam beradi. GDP qoidalari dori vositalarining muomalasi sohasida davlat tomonidan tartibga solish modelining elementi hisoblanadi.
"Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” sertifikati “Navoiy Dori-Darmon” aksiyadorlik jamiyatiga davlat xarid tanlovlarida ishtirok etishni, dori vositalarini sifatli olib kelish, saqlash, yetkazib berishdagi faoliyati ishonchli, samarali ekanligini kafolatlaydi.
Mazkur standartlarining joriy etishning afzalliklari shundan iboratki, bunda aholi sifatli, xavfsiz va bezarar dori vositalari bilan taʼminlanishi kafolatlanadi, farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligiga bo‘lgan ishonch kuchayadi. Shuningdek, korxonalarda xalqaro talablarga javob beradigan sifat tizimi yaratiladi, mahalliy maxsulotlarning raqobatbardoshligi oshib, milliy farmatsevtika tarmog‘ining xalqaro maydondagi obro‘si yuksaladi.
“Navoiy Dori-Darmon”AJ Axborot xizmati